O'RVI - o'tkir respiratorli virusli infektsiya bo'lib, nafas sistemasining yallig'lanishi bilan namoyon bo'ladi. Kasallik organizmga virusli infektsiya tushishi orqali kelib chiqadi.
Kasallik bemor bilan muloqotda bo'lganda, qo'l bilan ko'rishganda, buyumlarni ushlaganda yuqadi. Kasallik asosan umumiy holsizlik, bosh og'rig'idan boshlanadi va tana haroratining ko'tarilishi, yo'tal, burun oqishi, ko'zlarning qizarishi va yoshlanishi kuzatiladi.
Agar ushbu belgilar kuzatilsa, oilaviy shifokorga murojaat qilish va davo muolajasini boshlash zarur. Bemorlarga ko'p miqdorda suyuqlik ichish, yotoq rejimiga rioya qilish, yaxshi ovqatlanish, xona havosini tez-tez shamollatish va tana haroratini muntazam o'lchab turish tavsiya etiladi.
Profilaktika maqsadida qo'llarni tez-tez yuvish, antiseptiklardan foydalanish, immunitetni oshirish uchun meva va sabzavotlarni ko'proq iste'mol qilish, to'g'ri ovqatlanish va uyqu tartibiga rioya qilish lozim.