Sportda va yosh avlod jismoniy tarbiyasida innovatsion texnologiyalar joriy etiladi

Image

Oʻzbekistonda sportni yana-da rivojlantirish maqsadida 2020-yil 26-noyabr kuni “Sportda va yosh avlod jismoniy tarbiyasida innovatsion texnologiyalar” mavzusida onlayn xalqaro ilmiy konferensiya boʻlib oʻtdi.

Tadbirni Ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash markazi tashkiliy ishlar direktori Ulugʻbek Safarov, Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Ravshan Irmatov va Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri oʻrinbosari, Oʻzbekiston Oʻq otish sporti federatsiyasi raisi Oybek Norinbayevlar kirish soʻzi bilan ochib berdilar. Aholi salomatligini mustahkamlash, yosh avlodni sogʻlom va barkamol etib tarbiyalash orqali jamiyatda sogʻlom turmush tarzini qaror toptirishda sportning ahamiyati beqiyos ekaniga urgʻu berildi. Sport turli kasalliklar, yoshlar oʻrtasida zararli odatlarning oldini olish bilan birga xalqimizda yuksak madaniyat, vatanparvarlik tuygʻularini shakllantirishda ham muhim oʻrin tutishi haqida gapirildi. Bu sohada erishilgan yutuqlar yurtimizni dunyoga tanitishi, shu bilan birga barcha yurtdoshlarga gʻurur-iftixor bagʻishlashini eʼtirof etildi.

Oybek Norinbayev oʻz nutqida, “Eng muhim maqsadimiz jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish, yosh avlodni har tomonlama sogʻlom va barkamol voyaga yetkazish, xalqaro sport maydonlarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir sportchilarni tarbiyalash, ularni qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga koʻtarishdan iboratdir” deb taʼkidladi.

Shuningdek, O. Norinbayev Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni 2025-yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasining mamlakatda sportni rivojlantirishdagi ahamiyati toʻgʻrisida gapirib oʻtdi. Jumladan, aholi sogʻligʻini mustahkamlashga koʻmaklashadigan jismoniy tarbiya va sport sohasidagi aniq dasturlarni amaliyotga joriy etish orqali yoshlarni sportga keng jalb qilish va ular orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish, sport turlari boʻyicha yuqori natijalarni taʼminlaydigan mahoratli sportchilar bilan milliy terma jamoalarni shakllantirish va trenerlar uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish yoʻlida amalga oshiriladigan ishlar boʻyicha oʻz fikrlarini bildirdi.

Konferensiyada sport turlari boʻyicha terma jamoalar sportchilari uchun ilmiy-kompleks laboratoriyalar tashkil etish, yuqori malakali trenerlar, hakamlar tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha oʻquv dasturlari va metodologiyasini yangilash, sportchilarning tayyorgarlik jarayoniga ilgʻor innovatsion texnologiyalarni joriy etish masalalari muhokama etildi.

So'nggi yangiliklar